Qatnashganlar: Kafedra mudiri, professor Xaitov Q. N., professorlar Mannanov A. M., Abdullaev M. I., dotsentlar Rexsiyev U. Sh., Xodjaeva S. M., Babadjanov O. A., Bababekova N. B., Abidov A. M.; assistentlar: Nabieva D. D., Mun A. V., Valiyev A.A., Adilgereyyeva M. I., Po’latova S. X. va kafedrada tahsil olayotgan 4-kurs talabalari
Kun tartibi: Universitet rektorining “Biz – giyohvandlikka yo‘q deymiz” mavzusidaota-onalar va talabalarga murojaatining mazmun-mohiyati yetkazish.
Eshitildi: kafedra professor-o‘qituvchilari va talabalari ishtirokida “Biz – giyohvandlikka yo‘q deymiz” mavzusida profilaktik tadbir o‘tkazildi. Tadbirda universitetning rektori tomonidan talabalarga va ota-onalarga qilgan murojaatlari o‘qib berildi va giyohvandlik va turli psixatrop moddalarning salbiy ta’siri yuzasidan tushuntirish ishlari olib borildi.
Qadrli yoshlar, mehribon ota-onalar va muhtaram ustozlar!
Farzand — insonning dunyodagi eng aziz neʼmati. Ota-ona boʻlish juda katta baxt. Shuning uchun ota-ona bolasini koʻz qorasiday asraydi, himoya qiladi. Bolasiga yaqinlashgan har qanday balodan himoya qilish uchun koʻksini qalqon qiladi.
Bu zamonda yoshlarga koʻz tikkan tahdidlar koʻp. Shulardan biri– giyohvandlik balosi. Ming afsuski, mamlakatimizda ham ayrim yoshlar bilib yoki bilmay, vaqtinchalik “zavq” izlab yoxud oson pul topay, deb bu illatga aralashib qolib, oʻzlarining kelajagini barbod qilmoqdalar. Bolalarimizni bu balodan himoya qilishga otlanaylik. Aks holda u yoshlarimizning nafaqat sogʻligini, balki boʻlajak oilalarni, hattoki butun jamiyat kelajagini barbod qiladi. Shunday ekan, har birimiz bu illatga qarshi qatʼiy va birlashgan holda kurashishimiz zarur. Ardoqli yoshlar! Sizdagi sogʻlom fikr, kuchli iroda, bilimga tashnalik — mamlakatimiz kelajagining asosidir. Hech qachon “bir marta sinab koʻraman” deb o‘zingizni aldamang. Giyohvand moddalar hayotingizni kemiruvchi zahar, ertangi orzularni oʻgʻirlovchi illat ekanligini unutmang. Giyohvandlik hamda narkojinoyatchilik har bir insonga va oilasiga baxtsizlik olib keladi. Butun jamiyatning osoyishtaligiga putur yetkazadi.
Hurmatli ota-onalar! Farzandlarimizga eʼtiborli boʻlaylik! Ularga har kuni g‘amxo‘rlik va mehr koʻrsataylik. Ular bilan ochiq muloqot qilaylik, tinglaylik va muammolaridan boxabar boʻlaylik. Yoshlarga yaxshi fazilatlarni oʻrgatib, yomon odatlarni tark etishni, shuningdek, toʻgʻri va notoʻgʻri ishlarni farqlashni oʻrgataylik. Ularning qalbida mehr, ishonch va maʼnaviyat boʻlsa, hech qachon to‘g‘ri yo‘ldan adashmaydilar. Jigarbandlarimizni giyohvandlik balosidan asrashimiz uchun barchamiz ogoh va hushyor boʻlib, birgalikda kurashishimiz lozim.


