“Simulyatsion ta’lim, klinik modellashtirish, stomatologiya, bolalar stomatologiyasi” kafedrasi
2026-yil davomida Toshkent davlat tibbiyot universitetining “Simulyatsion ta’lim, klinik modellashtirish, stomatologiya, bolalar stomatologiyasi” kafedrasida talaba-yoshlarning ma’naviy barkamolligini oshirish, vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, siyosiy-huquqiy bilimlarini mustahkamlash hamda sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilishga qaratilgan qator ma’naviy-ma’rifiy, siyosiy va sport tadbirlari yuqori saviyada tashkil etildi. Mazkur tadbirlar talabalarning dunyoqarashini boyitish, ularni milliy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash, jamiyat hayotida faol fuqarolik pozitsiyasini shakllantirish hamda yoshlar orasida halollik, fidoyilik va insonparvarlik kabi yuksak fazilatlarni mustahkamlashga xizmat qildi.
16.02.2026 — “Halollik vaksinasi” mavzusida Kelajak soati tashkil etildi
Toshkent davlat tibbiyot universiteti “Simulyatsion ta’lim, klinik modellashtirish, stomatologiya, bolalar stomatologiyasi” kafedrasi professor-o‘qituvchilari hamda 5-kurs davolash ishi va pedagogika fakulteti talabalari ishtirokida “Halollik vaksinasi” mavzusida ma’naviy-ma’rifiy Kelajak soati tashkil etildi. Tadbir davomida yoshlar ongida halollik, vijdonlilik, mas’uliyat, poklik va adolatga sadoqat kabi yuksak insoniy fazilatlarni shakllantirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Mashg‘ulot davomida talabalarga jamiyat taraqqiyotida halollikning o‘rni, insonning kelajakdagi muvaffaqiyatlari va kasbiy faoliyatida vijdonlilikning ahamiyati haqida batafsil ma’lumotlar berildi. Real hayotiy misollar, interfaol suhbatlar, guruhli topshiriqlar va videoroliklar orqali yoshlar korrupsiya, yolg‘on, firibgarlik va poraxo‘rlik kabi salbiy illatlarning oqibatlari bilan yaqindan tanishtirildi.


Tadbir davomida talabalarda sog‘lom ma’naviy immunitetni shakllantirish, to‘g‘ri qaror qabul qilish, mustaqil fikrlash hamda o‘z xatti-harakatlari uchun javobgarlik hissini kuchaytirish bo‘yicha tushuntirish ishlari olib borildi. Buyuk mutafakkir Abdurahmon Jomiyning inson manfaatiga xizmat qilish haqidagi hikmatli so‘zlari yoshlar uchun ma’naviy dasturulamal sifatida taqdim etildi. Shuningdek, Prezidentimiz tomonidan yoshlarga bildirilayotgan yuksak ishonch haqida fikr yuritilib, talabalarning ilm olish orqali Vatanga xizmat qilishi eng katta burch ekani ta’kidlandi.

27.04.2026 — “Siyosiy bilim va ma’naviy yuksalish uyg‘unligi” mavzusida siyosiy dars o‘tkazildi
Kafedra professor-o‘qituvchilari hamda 2-pediatriya yo‘nalishi talabalari ishtirokida “Siyosiy bilim va ma’naviy yuksalish uyg‘unligi” mavzusida siyosiy-ma’rifiy mashg‘ulot tashkil etildi. Tadbirning asosiy maqsadi talabalarning siyosiy-ijtimoiy jarayonlarga bo‘lgan qiziqishini oshirish, huquqiy savodxonligini mustahkamlash va ma’naviy dunyoqarashini boyitishdan iborat bo‘ldi.
Mashg‘ulot davomida Yangi O‘zbekiston strategiyasi, davlat boshqaruvida inson qadri tamoyili, davlat organlarining ochiqligi, fuqarolar bilan samarali muloqot tizimi hamda mahallabay ishlash mexanizmlarining ahamiyati haqida batafsil ma’lumotlar berildi. Talabalarga mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarning mazmun-mohiyati tushuntirildi.


Shuningdek, “Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida”gi Qonun, yangi tahrirdagi Konstitutsiyaning jamiyat hayotidagi o‘rni, korrupsiyaga qarshi kurashish va qonun ustuvorligini ta’minlash masalalari yuzasidan fikr almashildi. Mashg‘ulot davomida Amir Temur, Alisher Navoiy hamda Muhammad Yusuf kabi buyuk ajdodlarimizning ma’naviy merosi yoshlar uchun vatanparvarlik va fidoyilik namunasi ekani alohida ta’kidlandi.
29.04.2026 — “Rektor kubogi” sport musobaqalarida faol ishtirok etildi
Toshkent davlat tibbiyot universitetida professor-o‘qituvchilar hamda xodimlar o‘rtasida tashkil etilgan “Rektor kubogi” sport musobaqalari ko‘tarinki ruh, sog‘lom raqobat va katta qiziqish bilan boshlandi. Tadbirning tantanali ochilish marosimida universitet rektori professor Sh.A. Boymuradov sportning inson salomatligini mustahkamlash, jamoani birlashtirish va sog‘lom turmush tarzini shakllantirishdagi beqiyos o‘rni haqida alohida to‘xtalib o‘tdi.
Mazkur sport tadbirlarida “Simulyatsion ta’lim, klinik modellashtirish, stomatologiya, bolalar stomatologiyasi” kafedrasi assistentlari Xatamova O‘.X. va Saidmurodova N.S. stol tennisi hamda shaxmat musobaqalarida faol qatnashdilar. Ular musobaqa davomida sportga bo‘lgan qiziqish, yuqori mahorat, jamoaviy birdamlik va g‘alabaga intilish kabi fazilatlarni namoyon etdilar.


Sport tadbirlari professor-o‘qituvchilar va xodimlar o‘rtasida sog‘lom muhitni shakllantirish, jamoaviy hamjihatlikni mustahkamlash hamda sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib qilishga xizmat qildi.
01.05.2026 — Siyosiy-ma’rifiy mashg‘ulot davom ettirildi
Kafedra tomonidan talabalarning siyosiy va huquqiy bilimlarini mustahkamlash maqsadida “Siyosiy bilim va ma’naviy yuksalish uyg‘unligi” mavzusida navbatdagi siyosiy dars tashkil etildi. Tadbir davomida davlat xizmatchilarining mas’uliyati, jamiyat oldidagi burchi va ma’naviy barkamollikning davlat taraqqiyotidagi o‘rni haqida batafsil tushunchalar berildi.
Mashg‘ulotda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan ijtimoiy transformatsiya jarayonlari, Farg‘ona viloyatida amalga oshirilayotgan yirik loyihalar hamda sanoat va infratuzilma rivoji misolida Yangi O‘zbekiston islohotlarining mazmuni yoritildi. Talabalarga siyosiy xabardorlik, ma’naviy yetuklik va huquqiy madaniyat uyg‘unligi taraqqiyotning asosiy omili ekani tushuntirildi.

04.05.2026 — “Millat fidoyilari. Xotira va qadrlash” mavzusida Kelajak soati o‘tkazildi
Kafedra professor-o‘qituvchilari hamda talabalar ishtirokida “Millat fidoyilari. Xotira va qadrlash” mavzusida ma’naviy-ma’rifiy Kelajak soati tashkil etildi. Tadbirning asosiy maqsadi yoshlarda Vatanga sadoqat, millat fidoyilariga hurmat va minnatdorlik tuyg‘ularini shakllantirishdan iborat bo‘ldi.
Mashg‘ulot davomida talabalar tarixiy va zamonaviy fidoyilar — xalq, Vatan va jamiyat ravnaqi yo‘lida xizmat qilgan insonlar hayoti va faoliyati bilan yaqindan tanishtirildi. Interfaol o‘yinlar, guruhli topshiriqlar va ijodiy chiqishlar orqali talabalarning mantiqiy fikrlashi, nutq madaniyati va vatanparvarlik ruhini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratildi.


Tadbir davomida fidoyilikning mohiyati, xalq va Vatan manfaatiga xizmat qilishning sharafli burch ekani, xotira va qadrlash tushunchalarining ma’naviy ahamiyati haqida batafsil tushunchalar berildi. Talabalar “Men uchun fidoyi inson” mavzusida ijodiy fikr almashib, o‘z qarashlarini erkin bayon etdilar.
07.05.2026 — Ijtimoiy himoyaga muhtoj talaba bilan ma’naviy-ma’rifiy suhbat tashkil etildi
Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili doirasida Toshkent davlat tibbiyot universitetining 2-pediatriya yo‘nalishi talabasi Normurodova Marjona bilan ma’naviy-ma’rifiy hamda tarbiyaviy suhbat tashkil etildi.
Kafedra dotsenti Yakubova F.X. va assistent Shukurova G.R. tomonidan talabaning yashash va o‘qish sharoitlari bilan yaqindan tanishilib, unga ma’naviy va moddiy ko‘mak ko‘rsatildi. Suhbat davomida talabaning o‘qishga bo‘lgan qiziqishi, kelajak rejalari va ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash masalalari muhokama qilindi.

Talabaga yakuniy imtihonlarga muvaffaqiyat tilanib, doimiy ravishda qo‘llab-quvvatlash va ma’naviy yordam ko‘rsatish masalalari yuzasidan tavsiyalar berildi.
13.05.2026 — “Layli va Majnun” spektakli premyerasida ishtirok etildi
Toshkent davlat tibbiyot universitetida buyuk mutafakkir Alisher Navoiy merosiga bag‘ishlangan “Layli va Majnun” spektaklining premyerasi bo‘lib o‘tdi. Tadbir davomida Alisher Navoiyning insoniy muhabbat, sadoqat va ma’naviy poklikni tarannum etuvchi bebaho ijodiy merosi keng targ‘ib qilindi.
Universitet rektori professor Shuxrat Boymuradov Abdujalilovich tadbir davomida so‘zga chiqib, yoshlarning ma’naviy dunyoqarashini boyitish, ularni milliy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalashda bunday madaniy-ma’rifiy tadbirlarning o‘rni nihoyatda muhim ekanini alohida qayd etdi.


Mazkur spektaklda “Simulyatsion ta’lim, klinik modellashtirish, stomatologiya, bolalar stomatologiyasi” kafedrasi xodimlari Gulyamov S.S. hamda Xatamova O‘.X. faol ishtirok etdilar. Tadbir talaba-yoshlar va professor-o‘qituvchilarning milliy adabiyot va san’atga bo‘lgan qiziqishini yanada oshirishga xizmat qildi.