Toshkent davlat tibbiyot universiteti O‘zbekiston Respublikasining yetakchi tibbiyot oliy ta’lim muassasalaridan biri bo‘lib, pediatriya va stomatologiya sohalari bo‘yicha yuqori malakali shifokorlarni tayyorlashda muhim o‘rin tutadi.
Bolalar stomatologiyasi yo‘nalishining shakllanishi 2001 yildan boshlanadi. O‘sha yili Toshkent pediatriya tibbiyot institutining (keyinchalik Toshkent davlat tibbiyot universiteti tarkibiga kirgan) otorinolaringologiya, bolalar otorinolaringologiyasi va stomatologiya kafedrasi negizida professor Hasanov S.A. tashabbusi bilan, professor Mahsudov S.N. rahbarligida va dotsent Shamsiyev X.N. ishtirokida bolalar stomatologiyasi kursi tashkil etildi.

Kurs tashkil etilgan vaqtdan boshlab hozirgi kungacha “Bolalar stomatologiyasi” fanidan namunaviy va ishchi o‘quv dasturlari ishlab chiqildi va tasdiqlandi, kompyuter testlari uchun savollar hamda og‘zaki suhbatlar uchun klinik vaziyatli masalalar tayyorlandi. O‘quv jarayoniga pediatriya va tibbiy-pedagogik yo‘nalishlarning 5–6-bosqich talabalari uchun turli murakkablik darajasidagi test topshiriqlari joriy etildi. Shuningdek, “Oliy hamshiralik ishi” fakulteti talabalari uchun “Stomatologiyada hamshiralik ishi” fanidan o‘quv va ishchi dasturlar ishlab chiqildi.

Kursga tibbiyot fanlari doktori, professor Gulyamov Sur’at Saidvaliyevich rahbarlik qiladi. U 2011 yildan kurs mudiri bo‘lib faoliyat yuritgan, 2013–2024 yillarda fan va innovatsion faoliyat bo‘yicha prorektor lavozimini egallagan, hozirgi kunda stomatologiya fakulteti dekani hisoblanadi. Uning rahbarligida zamonaviy axborot texnologiyalari bilan jihozlangan maxsus o‘quv auditoriyalari tashkil etildi, kompyuterlashtirilgan va masofaviy translyatsiya asosidagi ta’lim shakllari joriy qilindi hamda o‘quv dasturlariga mos kafedra kutubxonasi tashkil etildi.

Professor S.S. Gulyamov Toshkent davlat stomatologiya institutining ilmiy kengashlari a’zosi, O‘zbekiston Respublikasi OAK tasarrufidagi “Stomatologiya”, “Pediatriya” jurnallari hamda qator xorijiy ilmiy nashrlar, jumladan “Yevrosiyo pediatriya xabarnomasi” tahririyat hay’ati a’zosi hisoblanadi. U bir necha yillar davomida TDSI huzuridagi Davlat attestatsiya komissiyasiga raislik qilgan, Toshkent davlat tibbiyot universiteti Ilmiy kengashi a’zosi bo‘lib faoliyat yuritadi, ilgari “Bolalar stomatologiyasi” va “Bolalar jag‘-yuz xirurgiyasi” yo‘nalishlari bo‘yicha magistratura direktori vazifasini bajargan.
Bolalar stomatologiyasi kursi faoliyati davomida 200 dan ortiq ilmiy ishlar chop etilgan bo‘lib, ulardan 57 tasi xorijiy nashrlarda e’lon qilingan. Shuningdek, 75 ta tezis, 12 ta o‘quv-uslubiy qo‘llanma, 2 ta monografiya va 5 ta darslik tayyorlangan. Professor-o‘qituvchilar tarkibining ilmiy darajaga ega bo‘lish ko‘rsatkichi 80 foizni tashkil etadi. O‘qituvchilar muntazam ravishda pedagogik mahorat va raqamli ta’lim texnologiyalari bo‘yicha malaka oshirib boradilar. Jumladan, 2019 yilda dotsent Yakubova bolalar stomatologiyasi bo‘yicha Sankt-Peterburg davlat pediatriya tibbiyot universitetida malaka oshirgan, 2020 yilda esa dotsent Mahkamova F.T. O‘zbekiston Respublikasining “Xizmat ko‘rsatgan pedagog” faxriy unvoni bilan taqdirlangan.

Universitetda stomatologiya yo‘nalishi bilan bir qatorda zamonaviy tibbiy ta’lim va xalqaro standartlarga javob beruvchi simulyatsion ta’lim va klinik modellashtirish yo‘nalishi ham izchil rivojlanib bordi.

2024–2025 o‘quv yilida Toshkent davlat tibbiyot universiteti Ilmiy kengashi qaroriga asosan simulyatsion ta’lim va klinik modellashtirish kafedrasi hamda stomatologiya va bolalar stomatologiyasi kafedrasi tashkil etildi. Ta’lim jarayonini optimallashtirish, ilmiy-ta’limiy resurslarni integratsiyalash va yagona amaliyotga yo‘naltirilgan muhitni yaratish maqsadida ushbu ikki kafedrani birlashtirish bo‘yicha strategik qaror qabul qilindi.
Natijada bolalar stomatologiyasi sohasidagi ko‘p yillik tajriba va simulyatsion ta’limning ilg‘or innovatsion texnologiyalarini o‘zida mujassam etgan Simulyatsion ta’lim, klinik modellashtirish, stomatologiya va bolalar stomatologiyasi kafedrasi tashkil etildi.
Bugungi kunda kafedra zamonaviy ta’lim va klinik maydon sifatida faoliyat yuritib, yuqori texnologiyali simulyatorlar va klinik modellar yordamida talabalarning kasbiy kompetensiyalari, klinik tafakkuri va mustaqil shifokorlik faoliyatiga tayyorgarligini shakllantirmoqda.