Asfandiyarov universiteti delegatsiyasining TDTU 2-son sud-tibbiyoti va tibbiyot huquqi kafedrasiga tashrifi

Qozog‘iston milliy tibbiyot universiteti delegatsiyasining TDTU 2-son sud-tibbiyoti va tibbiyot huquqi kafedrasiga navbatdagi tashrifi

May 2026 sudtibbiyot

S.D. Asfandiyarov nomidagi Qozog‘iston milliy tibbiyot universiteti (Olmaota shahri) delegatsiyasi Toshkent davlat tibbiyot universitetining 2-son sud-tibbiyoti va tibbiyot huquqi kafedrasiga navbatdagi tashrif bilan keldi. Tashrif davomida ikki oliy ta’lim muassasasi o‘rtasidagi ilmiy-amaliy hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Mehmonlar kafedraning o‘quv-uslubiy faoliyati, sud tibbiyoti va tibbiyot huquqi yo‘nalishida olib borilayotgan ilmiy tadqiqotlar hamda talabalar uchun yaratilgan zamonaviy sharoitlar bilan yaqindan tanishdilar. Shuningdek, ta’lim jarayoniga innovatsion pedagogik texnologiyalarni tatbiq etish, amaliy ko‘nikmalarni mustahkamlash va xalqaro standartlarga mos mutaxassislar tayyorlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot berildi.

Tashrif doirasida delegatsiya Respublika sud-tibbiy ekspertiza ilmiy-amaliy markazi bazasida tashkil etilgan amaliy mashg‘ulotlar jarayoni bilan ham tanishib, sud-tibbiy ekspertiza yo‘nalishidagi zamonaviy laboratoriya imkoniyatlarini ko‘zdan kechirdi.

Professor-o‘qituvchilar, yosh olimlar va talabalar ishtirokida o‘tkazilgan uchrashuvda sud-tibbiy ekspertiza sohasida xalqaro tajriba almashish, ilmiy loyihalarni kengaytirish hamda zamonaviy ta’lim yondashuvlarini joriy etish istiqbollari muhokama qilindi.

Shuningdek, raqamli texnologiyalarni o‘quv va ekspertiza jarayonlariga integratsiya qilish, elektron ta’lim platformalaridan samarali foydalanish hamda akademik mobillik dasturlarini rivojlantirish yuzasidan fikr almashildi.

Uchrashuv yakunida tomonlar qo‘shma ilmiy tadqiqotlar olib borish, professor-o‘qituvchilar va talabalar almashinuvini yo‘lga qo‘yish, xalqaro konferensiyalar va malaka oshirish kurslarini hamkorlikda tashkil etish bo‘yicha kelishuvga erishdilar.

Mazkur tashrif sud tibbiyoti va tibbiyot huquqi yo‘nalishida xalqaro hamkorlik aloqalarini mustahkamlash, innovatsion ta’lim va ilmiy yondashuvlarni keng joriy etish hamda soha rivojiga yangi imkoniyatlar yaratishda muhim qadam bo‘ldi.

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan