Hotira va qadrlash kuni munosabati bilan Sud tibbiyoti va tibbiy huquq kafedrasi 2-sonli katta o‘qituvchisi Qodirov Qurаlbаy Urazbaevich talabalari bilan birgalikda Toshkent shahrida joylashgan “G‘alaba bog‘i” memorial majmuasiga tashrif buyurdilar.
“G‘alaba bog‘i” — Ikkinchi jahon urushi yillarida 1941–1945 yillarda xalqimiz boshidan kechirgan og‘ir sinovlarni yodga soluvchi, hotira va qadrlash tuyg‘ularini mustahkamlovchi muhim tarixiy-ma’rifiy maskandir. Majmua tarkibida “Shon-sharaf” muzeyi, o‘sha davr muhitini qayta yaratuvchi ekspozitsion zonalar, okoplar, blindajlar, temiryo‘l stansiyasi hamda qahramonlar xotirasiga bag‘ishlangan haykal va yodgorliklar mavjud.
Tashrif davomida talabalar urush yillarida xalqimizning matonati, sabr-toqati va fidoyiligini aks ettiruvchi eksponatlar bilan yaqindan tanishdilar. Ular uchun tarixiy muhitni his qilish imkonini yaratilib, bu orqali Vatanga sadoqat, tinchlik qadri va inson hayotining ulug‘vorligi haqidagi tushunchalar yanada chuqurlashdi.
Talabalarda “fidoyilik”, “xotira” va “qadrlash” kabi tushunchalarning mazmun-mohiyati yanada mustahkamlandi. Ular xalq, Vatan va insoniyat ravnaqi yo‘lida xizmat qilgan insonlarni yod etish — har bir fuqaroning ma’naviy burchi ekanini angladilar.
“G‘alaba bog‘i”da 9 may — Hotira va qadrlash kunida turli tantanali marosimlar o‘tkaziladi. Bu yerda qahramonlar xotirasiga gul qo‘yish marosimlari, urush yillariga bag‘ishlangan qo‘shiqlar va hotira tadbirlari tashkil etiladi. Bu muhit talabalarda chuqur taassurot qoldirdi va ularni tarixga yanada hurmat bilan yondashishga undadi.
Tashrif yakunida bunday ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar yosh avlodda vatanparvarlik, minnatdorchilik va insoniy qadriyatlarga sadoqat tuyg‘ularini shakllantirishda muhim ahamiyat kasb etishi ta’kidlandi.


