Qozog‘iston milliy tibbiyot universiteti vakillarining TDTUning 2-son sud-tibbiyoti va tibbiyot huquqi kafedrasiga tashrifi

S.D. Asfandiyarov nomidagi Qozog‘iston milliy tibbiyot universiteti (Olmaota shahri) vakillari Toshkent davlat tibbiyot universitetining 2-son sud-tibbiyoti va tibbiyot huquqi kafedrasiga tashrif buyurib, ta’lim, ilmiy va amaliy faoliyat bilan yaqindan tanishdilar.

Tashrif davomida mehmonlarga kafedraning asosiy faoliyati, jumladan sud tibbiyoti va tibbiyot huquqi yo‘nalishida mutaxassislar tayyorlash tizimi, ilmiy-tadqiqot ishlari hamda zamonaviy o‘qitish metodlari haqida batafsil ma’lumot berildi. Shuningdek, ta’lim jarayonida innovatsion texnologiyalarni qo‘llash va nazariya hamda amaliyot integratsiyasiga alohida e’tibor qaratildi.

Tashrif dasturi doirasida mehmonlar talabalar tayyorlash jarayoniga jalb etilgan klinik va laboratoriya bazalari bilan ham tanishdilar, jumladan Respublika sud-tibbiy ekspertiza ilmiy-amaliy markazi faoliyati o‘rganildi.

Professor-o‘qituvchilar va talabalar ishtirokida davra suhbati tashkil etilib, unda sud-tibbiy ekspertiza sohasining dolzarb masalalari, zamonaviy ilmiy yondashuvlar hamda kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish istiqbollari muhokama qilindi.

Shuningdek, ta’lim va ekspertiza jarayonlarini raqamlashtirish, elektron platformalarni joriy etish hamda ilmiy hamkorlikni kengaytirish masalalari yuzasidan fikr almashildi.

Uchrashuv yakunida tomonlar ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirish, akademik almashinuvni yo‘lga qo‘yish, qo‘shma ilmiy loyihalarni amalga oshirish hamda malaka oshirish dasturlarini birgalikda tashkil etish bo‘yicha kelishuvga erishdilar.

Mazkur tashrif sud-tibbiyot va tibbiyot huquqi sohasida xalqaro hamkorlikni mustahkamlash, innovatsion yondashuvlarni keng joriy etish hamda sohani yangi bosqichga olib chiqishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan