2-son Sud tibbiyoti va tibbiyot huquqi kafedrasi
2-son Sud tibbiyoti va tibbiyot huquqi kafedrasi Toshkent Davlat Tibbiyot Universitetining yetakchi o‘quv va ilmiy bo‘linmalaridan biri bo‘lib, tibbiyot va huquq sohalari kesishmasida yuqori malakali mutaxassislar tayyorlash bilan shug‘ullanadi.
Kafedra faoliyati sud-tibbiy ekspertiza, tibbiyot huquqi va bioetika sohalarida talabalarga chuqur nazariy bilimlar hamda amaliy ko‘nikmalar berishga yo‘naltirilgan. Ta’lim jarayonida zamonaviy ilmiy yondashuvlar, klinik va ekspert amaliyoti bilan integratsiyalashgan o‘qitish metodlari qo‘llaniladi.
Kafedrada o‘qitiladigan fanlar:
- Sud tibbiyoti — 4, 5 va 6-bosqich talabalari uchun
- Tibbiyot huquqi — oliy hamshiralik ishi yo‘nalishi talabalari uchun
- Bioetika — 2-bosqich talabalari uchun
Kafedraning asosiy yo‘nalishlari:
- sud-tibbiy ekspertiza asoslarini o‘rgatish;
- tibbiyot faoliyatining huquqiy jihatlarini tahlil qilish;
- bioetik tamoyillarni klinik va ilmiy amaliyotda qo‘llash;
- talabalarni mustaqil fikrlash va professional qaror qabul qilishga tayyorlash;
- o‘quv, ilmiy-uslubiy va ilmiy-tadqiqot faoliyatini rivojlantirish.
Kafedra professor-o‘qituvchilari ta’lim faoliyati bilan bir qatorda ilmiy-tadqiqot ishlari bilan ham shug‘ullanib, sud tibbiyoti, tibbiyot huquqi va bioetika yo‘nalishlarida dolzarb ilmiy tadqiqotlarni amalga oshirmoqda. O‘quv jarayoni amaliy misollar, klinik holatlar hamda real sud-tibbiy ekspert xulosalari asosida olib boriladi.
Kafedrada bakalavriat ta’limi bilan bir qatorda magistratura va klinik ordinatura yo‘nalishlari bo‘yicha ham mutaxassislar tayyorlanadi. Magistrlar va klinik ordinatorlar uchun ta’lim jarayoni chuqurlashtirilgan nazariy tayyorgarlik, amaliy ekspert faoliyati hamda ilmiy-tadqiqot ishlari bilan uyg‘un holda tashkil etiladi.
Sud tibbiyoti va tibbiyot huquqi kafedrasi tibbiyot sohasida bilimli, mas’uliyatli, huquqiy madaniyatga ega va zamonaviy talablar darajasidagi raqobatbardosh mutaxassislarni tayyorlashga xizmat qiladi.
Kafedra faoliyati
Kafedra faoliyati O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligi, oliy ta’lim sohasiga oid normativ-huquqiy hujjatlar hamda Toshkent Davlat Tibbiyot Universiteti ustavi (nizomi) asosida tashkil etiladi va amalga oshiriladi. Kafedra universitetning tarkibiy o‘quv-ilmiy bo‘linmasi hisoblanadi.
Kafedra 1 hududda joylashgan:
O’zbekiston Respublikasi Sud-tibbiy ekspertiza ilmiy-amaliy markazi xududida joylashgan ( Toshkent, Olmazor tumani, Shifokorlar 2 ko’chasi, 7M. 2 qavat)
